Surxondaryo viloyatida havo haroratining keskin ko‘tarilishi munosabati bilan og‘ir yuk avtomobillarining harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, viloyatda kunduzi havo harorati 42−44 darajagacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqori darajaga ko‘tarilmoqda. Bunday sharoitda asfalt qoplamasi 70−80 darajagacha qizib, yo‘llarning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi.

Natijada og‘ir yuk transporti harakati yo‘l qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiya va boshqa shikastlanishlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Shu sababli Termiz shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.

Hokimlik haydovchilar va yuk tashuvchi korxonalarni yuk tashish vaqtlarini mazkur cheklovlarni inobatga olgan holda rejalashtirishga hamda belgilangan talablarga rioya etishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, cheklov avtomobil yo‘llarini muddatidan oldin shikastlanishdan saqlash, harakat xavfsizligini ta‘minlash va yo‘l infratuzilmasining xizmat muddatini uzaytirish maqsadida joriy etilgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yozgi elektr energiyasi iste‘moli bo‘yicha yangi rekord qayd etilgani haqida yozgandi.