Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun yangilangan texnik reglamentni tasdiqladi, deya xabar berdi Electrek.

Nashring yozishicha, hujjat loyihasi fevral oyida taqdim etilgan edi va shu hafta yakuniy tasdiqlangan.

Qayd etilishicha, bu avtomobil salonlariga sensorli boshqaruv elementlari o‘rniga jismoniy tugmalarni qaytarishni talab qiladi.

Yangi talablar 2027-yil 1-iyuldan kuchga kiradi va Xitoy bozorida avtomobillarni rasman sotadigan deyarli barcha brendlarga ta’sir qiladi.

Reglament avtomobilning 19 ta funksiyasini sanab o‘tadi, ular uchun o‘lcham va foydalanish qulayligiga aniq talablar qo‘yilgan jismoniy boshqaruv organlari bo‘lishi shart.

Ro‘yxatga quyidagilar kiritildi:

  • burilmalar;
  • avariya signalizatsiyasi;
  • tovush signali;
  • harakat rejimlarini almashtirish (P/R/N/D);
  • haydovchiga yordam ko‘rsatish tizimi (agar u konstruksiyada ko‘zda tutilgan bo‘lsa);
  • oyna tozalagichlar;
  • old oynani isitish;
  • oyna ko‘targichlar;
  • favqulodda chaqiruv tugmasi;
  • elektromobillar uchun quvvat o‘chirgichi.

Regulyatorlar sensorli panellar har doim ham qulay va ishonchli emas, degan xulosaga keldi. Silliq ekranda kerakli funksiyani topish va bosish jismoniy tugmani paypaslab topishga qaraganda qiyinroq hamda ko‘proq vaqt oladi.

Ayniqsa, avtomobilni boshqarishga bevosita ta’sir qiladigan funksiyalar uchun bu muhim. Iqlim nazorati yoki media tizimi ishlamay qolsa, bu noqulaylik tug‘diradi, ammo burilish chirog‘i yoki avariya signalini tez yoqib bo‘lmasa, xavf ancha jiddiy bo‘ladi.

So‘nggi yillarda funksiyalarni sensorli ekranlarga ko‘chirish tendensiyasi deyarli butun avtomobil sanoatini qamrab oldi. Bu yo‘nalishning asosiy tashabbuskorlaridan biri sifatida Tesla tilga olinadi.

Model S prototipidan boshlab kompaniya boshqaruvni tobora kattaroq markaziy displeyga o‘tkazib, vaqt o‘tishi bilan hatto rul ortidagi dastaklar va uzatmalar qutisi richagini ham olib tashladi. Xuddi shunday yo‘ldan ko‘plab Xitoy elektromobil ishlab chiqaruvchilari ham bormoqda.

Shu bilan birga, Xitoyda ishlab chiqaruvchilarning texnologik, ammo har doim ham amaliy bo‘lmagan yechimlarga haddan tashqari berilib ketishini cheklovchi yana bir qoida joriy etilgan.

2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfsizlik nuqtayi nazaridan yashirin eshik tutqichlaridan foydalanish taqiqlanadi.


Avvalroq Spot AQSHda benzin narxining qimmatlashuvi elektromobillarga qiziqishni qaytargani haqida yozgandi.