Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan Moviy gumbaz kafesida vakolatli organ bilan kelishilmagan holda ta‘mirlash ishlari olib borilgani aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma‘lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar ortidan agentlik mas‘ullari 20-iyul kuni soat 22:00 atrofida voqea joyiga borib, o‘rganish o‘tkazgan.

Natijada obyektning tom qismida belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan ta‘mirlash ishlari amalga oshirilayotgani aniqlanib, ular zudlik bilan to‘xtatilgan.

Agentlik obyekt mas‘ullariga davlat muhofazasidagi madaniy meros obyektlarida ta‘mirlash, rekonstruksiya va boshqa qurilish ishlari faqat vakolatli organlarning ruxsati hamda belgilangan tartibdagi kelishuvlar asosida amalga oshirilishi lozimligini tushuntirgan.

Moviy gumbaz kafesi Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi qarori bilan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, modernizm me‘morchiligi namunasi sifatida davlat muhofazasiga olingan.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi Gulsaroy ko‘chasida kapital ta‘mirlash ishlari boshlangani haqida yozgandi.