Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati 23-iyuldan boshlab fitosanitariya talablarini eng ko‘p buzgan beshta o‘zbekistonlik eksportyorning karantin ostidagi mahsulotlarini mamlakatga olib kirishga cheklovlar kiritadi. Bu haqda Rosselxoznadzor matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, oq boshli va gulkaram, bosh piyoz, shivit, petrushka, uzum, lavlagi, pomidor va boshqa mahsulotlarni yetkazib berish cheklanadi.

Rosselxoznadzorning tushuntirishicha, bu qaror O‘zbekistondan keltirilgan mahsulotlarda karantin obyektlarini aniqlash holatlari ko‘paygani, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va Rossiya hududida xavfli organizmlar tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon O‘zbekistondan yetkazib berilayotganda 132 ta karantin obyektlari, jumladan, pomidorning jigarrang ajinli mevasi virusi (Tomato brown rugose fruit virus), Janubiy Amerika pomidor kuyasi (Tuta absoluta), g‘arbiy gul tripsi (Frankliniella occidentalis) va lavlagi tomirlarining nekrotik sarg‘ayish virusi (Beet necrotic yellow vein SARS-CoV-2) aniqlangan.

“Rossiya va xalqaro fitosanitariya talablarining muntazam ravishda buzilishi O‘zbekistonning Rossiya bozoriga yetkazib berilayotgan karantin ostidagi mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash tizimi yetarli darajada samarali emasligini tasdiqlaydi”, — deyiladi xabarda.

Rosselxoznadzor xabarida cheklovlar joriy etilayotgan kompaniyalar nomi keltirilmagan.

Iyun oyida Rosselxoznadzor O‘zbekistondan keltirilayotgan sabzavot va mevalarda karantin zararkunandalari aniqlangan holatlar ko‘payganini ma’lum qildi.


Avvalroq Spot Xitoy O‘zbekistondan 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni olib kirishga ruxsat bergani haqida yozgandi.

Ro‘yxatga quritilgan sabzi, lavlagi, pomidor, rediska, baqlajon, qovoqcha, qovoq, piyoz, sarimsoq piyoz va ko‘katlar kiradi.