Jahon bozorida neft narxi keskin ko‘tarildi, deya xabar bermoqda Reuters nashri.
Savdolar davomida Brent markali neft narxi 5,78% ga qimmatlashib, bir barrel uchun $96,27 ga yetdi.
AQSHning WTI markali nefti esa 4,88% ga oshib, $88,46 dan sotilmoqda. Bu so‘nggi olti haftadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Narxlarning keskin oshishiga Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi sabab bo‘ldi. Xususan, Qizil dengizda neft tankerlariga hujumlar kuchaygani, shuningdek, dunyodagi eng muhim neft tashish yo‘llaridan biri bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar investorlarni tashvishga solmoqda.
Qayd etilishicha, hozirda bozor ishtirokchilari ehtimoliy ta’minot uzilishlarini narxlarga kiritishni boshlagan.
Tahlilchilarga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi va Qizil dengiz orqali neft tashish uzoq muddatga izdan chiqsa, global bozorga kuniga 5 mlnbarrelgacha neft yetkazib berish xavf ostida qolishi mumkin. Bu esa neft narxining yanada qimmatlashishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassislar hozircha bozorda asosan logistika va yetkazib berish xavfi baholanayotganini ta’kidlamoqda. Agar real ta’minot qisqarishi boshlansa, Brent nefti narxi $100 chegarasidan ham oshishi mumkin.
Neft narxining oshishi yoqilg‘i va transport xarajatlarini qimmatlashtirishi, bu esa dunyo bo‘ylab inflyatsiya bosimini kuchaytirishi mumkin.
Avvalroq Spot AQSH Eron neftiga nisbatan sanksiyalarni 60 kunga bekor qilgani haqida yozgandi.
Moliya vazirligi bergan litsenziya bilan Eron neftini qazib olish, yetkazib berish va sotishga ruxsat beriladi.