Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eugenio Giani Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev bilan uchrashdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Unda Shavkat Mirziyoyevning 14-iyul kuni Toskana gubernatori bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunida berilgan topshiriqlarni amalga oshirish va erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralarni Toskana tibbiyot muassasalarida yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi 1343-yilda tashkil etilgan Pisa universiteti rektori Riccardo Zucch bilan uchrashdi.

Tomonlar Italiyada ishlashni istagan o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini Italiya tibbiyot standartlari va italyan tiliga tayyorlash bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuv imzoladi.

Bundan tashqari, delegatsiya kelgusida o‘zbekistonlik mutaxassislar faoliyat yuritishi rejalashtirilayotgan Pisa universitetining yangi qurilayotgan klinikasi bilan tanishdi.

U yerda tibbiyot xodimlarini amaliy tayyorlash tizimi va klinik bazada hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.


Avvalroq Spot deyarli 1,5 ming nafar o‘zbekistonlik o‘z xabarisiz ishga joylashtirilganidan shikoyat qilgani haqida yozgandi.