Yevropa Markaziy banki yangi avlod yevro banknotlari uchun tanlab olingan 10 ta final dizayn loyihasini e’lon qildi.
Ularni baholash bo‘yicha ommaviy ovoz berishni boshladi hamda jamoatchilik 21-sentabrgacha o‘ziga yoqqan variantlar bo‘yicha fikr bildirishi mumkin.
Final bosqichiga chiqqan dizaynlar ikki mavzuga bo‘lingan:
- “Yevropa madaniyati” — unda Mariya Kallas, Lyudvig van Betxoven, Mariya Sklodovska-Kyuri, Migel de Servantes, Leonardo da Vinchi va Berta fon Suttner kabi mashhur shaxslar tasvirlangan;
- “Daryolar va qushlar” — Yevropaning tabiiy boyliklari va biologik xilma-xilligini aks ettiruvchi qushlar hamda daryolar tasvirlangan.
Yangi banknotlar nafaqat yangicha ko‘rinishga ega bo‘ladi, balki zamonaviy himoya elementlari, qalbakilashtirishga qarshi kuchaytirilgan texnologiyalar va ko‘zi ojiz hamda zaif ko‘ruvchi insonlar uchun qulayroq yechimlarni ham o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, ularni ishlab chiqarishda ekologik ta’sirni kamaytirishga xizmat qiluvchi materiallardan foydalanish rejalashtirilgan.






Yevropa Markaziy banki boshqaruv kengashi yakuniy dizaynni 2026-yil oxirigacha tanlashi kutilmoqda.
Shundan so‘ng texnik sinovlar va ishlab chiqarish jarayoni boshlanadi. Shu sababli yangi banknotlar muomalaga kirishi uchun yana bir necha yil kerak bo‘ladi.
Hozirgi yevro banknotlari esa o‘z qiymatini saqlab qoladi va yangi seriya bilan birga muomalada bo‘lib turadi. Bu yevro banknotlarining 2002-yildan buyon ilk to‘liq qayta dizayni bo‘ladi.
Avvalroq Spot dollar banknotalarida Trampning imzosi paydo bo‘lishi haqida yozgandi.
AQSH G‘aznachilik departamentining ma’lum qilishicha, bu Amerika pullariga amaldagi prezident imzosi qo‘yilgan ilk holat bo‘ladi.





