O‘zbekistonlik foydalanuvchilar AliExpress’da bank kartalari orqali to‘lov qilishda muammoga duch kelmoqda. Spot‘ning aniqlashicha, ayrim banklar qonunchilik talablarini asos qilgan holda, marketpleys foydasiga to‘lovlarni o‘tkazishni to‘xtatgan.

Spot ixtiyorida ikkita bankning mijozlarga yo‘llagan javoblari mavjud. Ulardan birida aytilishicha, “O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, transchegaraviy savdo va soliqqa tortishni tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq” AliExpress uchun Visa va Mastercard kartalari orqali to‘lovlar to‘xtatilgan.

Boshqa bir bank esa cheklov AliExpress O‘zbekistonda soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagani bilan bog‘liqligini bildirib, Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (ILMA) tayangan.

Soliq qo‘mitasi Spot‘ga AliExpress‘ning O‘zbekiston soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tmaganini tasdiqladi.

ILMA‘ning Spot‘ga ma‘lum qilishicha, prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi, biroq soliq hisobiga olinmagan xorijiy kompaniyalar aniqlansa, ularga soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tish zarurligi to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi. Agar platforma xabarnomani olgan kundan boshlab 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmasa, uning O‘zbekiston hududidagi faoliyati cheklanadi.

Agentlik xorijiy kompaniyalarni soliq hisobiga qo‘yish Soliq qo‘mitasining vakolatiga kirishini, ILMA esa elektron tijorat bozori regulyatori sifatida platformalarning tegishli qonunchilik talablariga rioya etishini baholashini ta‘kidladi.

Shu bilan birga, ILMA AliExpress faoliyatini O‘zbekiston hududida cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilinmaganini ma‘lum qildi.

Agentlik, shuningdek, xorijiy elektron savdo platformalariga kirishni cheklash to‘g‘risidagi qarorlar bir nechta davlat organi, jumladan, ILMA, Soliq qo‘mitasi, shaxsga doir ma‘lumotlarni himoya qilish bo‘yicha vakolatli organ, monopoliyaga qarshi kurashish organi va boshqa regulyatorlarning xulosalari asosida qabul qilinishini qayd etdi. Taʼkidlanishicha, bunday qarorlar rasman e‘lon qilinadi.

Bundan tashqari, ILMA Soliq qo‘mitasi va boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda AliExpress‘ning soliq va elektron tijorat sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etishini o‘rganishni davom ettirayotganini xabar qildi. Idora tekshiruv natijalari va ko‘rilgan choralar haqida qo‘shimcha ravishda ma‘lumot berishga va‘da berdi.

Agentlik banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan to‘lovlarni qabul qilish va qayta ishlash masalalari uning vakolatiga kirmasligini alohida ta‘kidladi. To‘lov tizimlarini Markaziy bank tartibga soladi, shu bois muayyan operatsiyalarni amalga oshirishning rad etilishi sabablariga oydinlik kiritish uchun foydalanuvchilarga o‘zlariga xizmat ko‘rsatuvchi banklar va Markaziy bankka murojaat qilish tavsiya etildi.

Spot AliExpress uchun to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatgan banklardan biriga so‘rov yubordi, ammo material e‘lon qilinayotgan vaqtda javob ololmadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistondagi xorijiy bigtex aylanmasi $100 mlndan oshgani haqida yozgandi.