Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini isloh qilish va aholi hamda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlari bo‘yicha 1 mlndan ortiq ariza kelib tushgan, ulardan 330 mingtasi (30%i) rad etilgan. Natijada fuqarolar ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, korrupsiyaviy xavflar ham ortmoqda.
Shu sababli kadastr xizmatlarini “bitta ariza — bitta to‘lov” tamoyili asosida tashkil etish taklif qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulkka huquq paydo bo‘lganda ariza avtomatik shakllantiriladi va xizmat proaktiv tarzda ko‘rsatiladi.
Shuningdek, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Natijada yiliga 500 mingta ariza amaldagi 10−15 kun o‘rniga bir necha soniyada ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin bo‘ladi.
Taqdimotda prezidentga ma’muriy javobgarlikni yumshatishga doir takliflar ham taqdim etildi.
Tuzilmaviy o‘zgarishlar jarayonida aholi sarson bo‘lmasligi uchun bir hafta muddatda “Kadastr maslahat burchagi” va “Tezkor kadastr” xizmatlarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Mutasaddilarga xizmatlarni soddalashtirish, ortiqcha bosqich va to‘lovlarni qisqartirish, qaror qabul qilish vakolatlarini quyi bo‘g‘inga tushirish hamda soha xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot yil boshidan 619 nafar kadastr xodimi intizomiy javobgarlikka tortilgani haqida yozgandi.
Ularning 345 nafari hayfsan oldi, 242 nafari jarimaga tortildi, 7 nafar xodim bilan esa mehnat shartnomasi bekor qilindi.