Avvalroq prezident chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Aholi xonadonlari va chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Respublikada 191 ta tumanda 2 407 ta chorvachilikka ixtisoslashgan mahalla mavjud bo‘lib, ularda 823 mingta xonadon va 3,9 mln nafar aholi istiqomat qiladi.
Ushbu xonadonlarga arzon chorva mollari yetkazib berish, sigirlarni sunʼiy urug‘lantirish, yem-xashak taʼminoti va zooveterinariya xizmatlarini yaxshilash, nasldor buzoqlarni identifikatsiya qilish hamda ular uchun subsidiya ajratish taklif etildi.
Natijada xonadonlarda chorva bosh soni va mahsuldorlik ortishi, aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalari yaratilishi kutilmoqda.
Naslchilik sohasida 13 ta tumanda har biri 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan xo‘jaliklar tashkil etish, yiliga 500 ming bosh sigirni saralangan urug‘ bilan sunʼiy urug‘lantirish va embrion transplantatsiyasi texnologiyalarini keng joriy qilish rejalashtirilgan.
Taqdimotda O‘zbekiston chorvadorlar uyushmasini tashkil etish taklifi ham ko‘rib chiqildi.
Yangi tuzilma chorvadorlar manfaatlarini himoya qilish, kooperatsiyani rivojlantirish, naslchilik ishlari, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish hamda tashqi bozorlarga chiqishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.
Fermerlar va aholi uchun Smart Fermer yagona raqamli yordamchisi ham taqdim etildi.



Mobil ilova orqali chorva mollarini identifikatsiya qilish, veterinar chaqirish, sunʼiy urug‘lantirish, oziqlantirish va yaylovlarni boshqarish bo‘yicha maʼlumot olish, subsidiyalarga murojaat qilish va sunʼiy intellekt asosida maslahat olish mumkin bo‘ladi.
Parrandachilik sohasida umumiy qiymati $432 mln bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar hisobiga 2028-yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish, ozuqa-yem quvvatini 3,3 mln tonnaga yetkazish va zamonaviy so‘yish tizimi qamrovini 20 foizdan 50% ga oshirish maqsad qilingan.
Davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini chuqur tahlil qilish, mablag‘larni manzilli yo‘naltirish, raqamli hisob va monitoringni yo‘lga qo‘yish, ichki bozorni sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.


