Qozog‘istonda ilk bor bortida yo‘lovchi bo‘lgan uchuvchisiz havo taksisi namoyish parvozini amalga oshirdi. Bu haqda mamlakat Transport vazirligi ma’lum qildi.
Sinov Ostona shahrida “Kelajak o‘yinlari — 2026” xalqaro turniri doirasida o‘tkazildi. Vertikal uchish va qo‘nishga mo‘ljallangan EH216-S elektr uchish apparati (eVTOL) poytaxtning maxsus ruxsat berilgan hududi ustida parvoz qildi. Vazirlikka ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi bortida yo‘lovchi bo‘lgan ilk bunday parvozdir.
Qayd etilishicha, ikki o‘rinli uchuvchisiz apparat 130 km/soatgacha tezlikka erisha oladi va 35 km masofani bosib o‘tadi.
Dastlab Qozog‘istonning tabiiy, madaniy va tarixiy maskanlari ustidan 5−30 daqiqalik namoyish hamda sayyohlik parvozlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.






Kelgusida bunday uchuvchisiz havo transporti nafaqat yo‘lovchi tashish, balki dori vositalarini yetkazish, shoshilinch tibbiy yordam, yong‘inlarni o‘chirish va logistika xizmatlarida ham qo‘llanishi mumkin.
Qozog‘iston xalqaro hamkorlik doirasida bunday apparatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni ham rejalashtirmoqda.
Transport vazirligi eVTOL parvozlari, vertiportlar faoliyati va uchuvchisiz havo harakatini boshqarishni tartibga soluvchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilganini ma’lum qildi. Bu shahar havo transportini mamlakat transport tizimiga xavfsiz integratsiya qilishga xizmat qiladi.
Mart oyida Qozog‘iston yaqin 2−3 yil ichida uchuvchi taksini ishga tushirishni rejalashtirayotganini bildirgandi. Dastlabki yo‘nalishlar Olatau, Olmaota, Qo‘naev va sayyohlik maskanlarini bog‘lashi kutilmoqda.
2025-yil noyabrida esa mamlakat AQSHning Joby Aero kompaniyasidan Alatau uchun elektr aerotaksilar xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Avvalroq Spot Saudiya Arabistoni haj vaqtida uchuvchisiz havo taksisini ishga tushirgani haqida yozgandi.





