Saudiya Arabistoni haj ziyorati vaqtida namozxonlar uchun uchuvchisiz havo taksilarini ishga tushirdi. Bu haqda “Arab News” nashri xabar berdi.

Bu fuqaro aviatsiyasi organi tomonidan litsenziyalangan dunyodagi birinchi havo taksisi hisoblanadi.

Uning vazifalariga ziyoratchilarni tashish, tibbiy jihozlar, zarur yuklarni yetkazib berish va tez yordam ko‘rsatish kiradi.

Transport va logistika xizmatlari vaziri, Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi (GACA) direktorlar kengashi raisi, havo taksisini birinchi bo‘lib sinovdan o‘tkazgan Solih bin Nosir bin Al-Ali Al-Jasser ushbu tashabbus vazirlikning transport va ekologik toza transport turlari sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarining bir qismi ekanligini ta’kidladi.

Havo taksilari tirband joylarda yo‘lovchilar uchun sayohat vaqtini qisqartiradi, tovarlar va dori-darmonlarni tashishni osonlashtiradi va dron tekshiruvlarini tezlashtiradi.


Avvalroq “Spot” Dubay 2026-yilda uchar taksi xizmatini ishga tushirishi haqida yozgandi.

Birinchi bosqichda Dubayning to‘rtta joyida uchar taksilar uchun uchish va qo‘nish maydonchalari quriladi.

Qayd etilishicha, bu orqali Palm-Jumeyradan aeroportgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 45 daqiqadan 10 daqiqagacha qisqaradi.

Shuningdek, Janubiy Koreya ham 2026-yildan uchar taksilarni ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.

Uchar taksining o‘rtacha sayohati taxminan 32,1 kilometrni tashkil qilib, u uchuvchidan tashqari to‘rtta yo‘lovchini tashiy oladi.