Fiskal tahlillar instituti 2027-yildan boshlab aroq, konyak va boshqa alkogolli mahsulotlar uchun bir litriga 70 ming so‘m miqdorida yagona aksiz stavkasini belgilash orqali mahalliy va import mahsulotlariga soliq solishni tenglashtirishni taklif qildi. Bu tashabbus 30-iyul kuni fiskal muloqotda taqdim etildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.
Hozirda mahalliy alkogol uchun aksiz stavkasi bir litriga 63 ming so‘mni, import qilinadigan mahsulotlar uchun esa 70 ming so‘mni tashkil etadi. Institut stavkalarning tenglashtirilishini JST talablarini bajarish zarurati bilan izohlamoqda.
Bundan tashqari, alkogolli mahsulotlarning ayrim turlariga aksiz solig‘i stavkalarini o‘zgartirish taklif etilmoqda:
- etil spirti — bir litri uchun 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mga (+66,7%);
- aroq, konyak va boshqa yuqori darajali alkogol — bir litri uchun 63 ming so‘mdan 70 ming so‘mga (+11,1%);
- kuchaytirilgan vino — bir litri uchun 12 ming so‘mdan 12,6 ming so‘mga (+5%);
- tabiiy vino — bir litri uchun 10 ming so‘mdan 10,5 ming so‘mga (+5%);
- pivo — bir litri uchun 4 ming so‘mdan 4,2 ming so‘mga (+5%).
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida institut tayyor alkogolli mahsulotlarga aksiz solig‘ini to‘lashda xomashyo spirti uchun to‘langan aksizni hisobga olishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.
Taqdimotga ko‘ra, hozirda mahalliy mahsulotlarga jami soliq yuki bir litriga 63 ming so‘mni tashkil etadi (spirt uchun 15 ming so‘m aksiz hamda alkogol uchun 48 ming so‘m aksiz), bu import mahsulotlariga nisbatan 31% ga yuqoridir. Yangi mexanizm bo‘yicha, hisobga olishni inobatga olganda, samarali soliq yuki 45 ming so‘mni tashkil etadi.

Boshqa takliflar qatorida uskunalarni bojsiz olib kirish, imtiyozli kreditlar va sertifikatlashtirish uchun grantlarni nazarda tutuvchi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirish, shuningdek, aksiz stavkalarini uch yil oldindan e‘lon qilib borish ko‘zda tutilgan. Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar byudjetga 62,1 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum tushishini ta‘minlaydi.
Spot, avvalroq, 1% lik soliq keshbekining bekor qilinishi budjetga 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ni tejashi haqida yozgandi.