Toshkent viloyatida oltita korxona mansabdor shaxslari tomonidan 42,5 mlrd so‘mlik soliqlarni to‘lashdan tovlash holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Korxonalar 32,6 mlrd so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ini byudjetdan qaytarib olgan.

Shuningdek, 195,9 mlrd so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, tushumni bankka topshirmagan.

Shu tariqa savdo qoidalarini buzib, 42,5 mlrd so‘mlik soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan.

Toshkent viloyati soliq boshqarmasining mas‘ul xodimlari mazkur korxonalarda o‘tkazilgan audit yakunlari bo‘yicha dalolatnomalarni rasmiylashtirishda 5,2 mlrd so‘mlik soliqlarni hisoblamagan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentda 3 mingdan ortiq soxta cheklar orqali 1,4 mlrd so‘mlik keshbek olganlar ushlangani haqida yozgandi.