Qozog‘istonda O‘zbekiston va Afg‘onistonda mahalliy korxonalar brendlari ostida qalbaki un sotilayotgani yuzasidan shikoyat qilindi. Bu masala 6-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumida ko‘tarildi.

Qozog‘iston Donni qayta ishlovchilar uyushmasi prezidenti Jomart Motishevning aytishicha, O‘zbekiston va Afg‘onistonda qozog‘istonlik korxonalar brendlari ostida qalbaki un sotilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahsulotlar Qozog‘iston brendlari ostida qadoqlanib, keyin Afg‘onistonga yetkazib berilmoqda.

U O‘zbekiston va Afg‘oniston hududida chegara nazoratini kuchaytirish, shuningdek, Qozog‘iston unining O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga tranziti masalasini alohida muhokama qilishni taklif qildi.

“Axir bu mahsulot xavfsizligi va sifati masalasi. Qolaversa, bu ham o‘zbek, ham qozoq un ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardoshligini anglatadi”, — deb ta’kidladi Motishev.

afg‘oniston, o'zbekiston, qozogʻiston, savdo sanoat palatasi, tegirmonchilar, un ishlab chiqarish

Jomart Motishev (o‘ngda). Foto: skrinshot

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov qayta qadoqlash holatlari mavjudligini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mahsulot asl un sifatidan farq qilishi mumkin, ammo yakuniy iste’molchi uning xususiyatlarini Qozog‘iston brendi bilan bog‘laydi. “U: Mana bu zavod yakuniy iste’molchi oldida ishonchni yo‘qotdi deydi”, — dedi SSP rahbari.

Atameken Milliy tadbirkorlar palatasi rahbari Qanat Sharlapayevning qo‘shimcha qilishicha, afg‘on treyderlari haqiqatan ham Qozog‘iston qadoqlarini so‘rashlari mumkin, chunki bunday mahsulotlar yaxshi sotiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga Afg‘oniston bozorida Qozog‘iston brendining mashhurligi sabab bo‘lmoqda, biroq ishlab chiqaruvchilar uchun bu bir vaqtning o‘zida daromadni yo‘qotish va obro‘ uchun xavf tug‘diradi.

“Bir tomondan, albatta, bundan mamnunmiz — taqlid eng katta e’tirof hisoblanadi. Ammo boshqa tomondan, buning oqibatida moliyaviy zarar ko‘ryapmiz”, — dedi Sharlapayev.

afg‘oniston, o'zbekiston, qozogʻiston, savdo sanoat palatasi, tegirmonchilar, un ishlab chiqarish

Qanat Sharlapayev (o‘rtada) va Davron Vahobov (o‘ngda). Foto: skrinshot


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Qozog‘iston 10-avgustdan 20 turdagi mahsulot bo‘yicha savdo to‘siqlarini olib tashlashi haqida yozgandi.