Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ekobiznes sohasida o‘quv dasturi va tashabbuslar tanlovini boshlaganini e’lon qildi.

Loyiha BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Unda aylanma iqtisodiyot, chiqindilarni saralash va qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan yangi hamda amaldagi tadbirkorlar ishtirok etishi mumkin.

O‘quv kursi to‘liq bepul bo‘lib, barcha xarajatlar loyiha doirasida qoplanadi.

Qayd etilishicha, kursga Toshkent, Angren va Nukus shaharlaridan 40 nafardan 120 nafargacha kishi qabul qilinadi.

Loyiha doirasida joylarning kamida 50%i ayollar uchun ajratilgan bo‘lib, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Kurs olti hafta davom etadi va malakali murabbiylar bilan 12 ta mashg‘ulotni o‘z ichiga oladi. Mavzular ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:

  • aylanma iqtisodiyotni joriy etish va chiqindilarni boshqarish;
  • biznes asoslari va biznesni rejalashtirish;
  • marketing, brending va mijozlar bilan ishlash;
  • moliyaviy boshqaruv va rivojlanish strategiyasi;
  • biznes-rejani ishlab chiqish va grant buyurtmasini tayyorlash.

Shuningdek, ishtirokchilar uchun shaxsiy mentorlik ko‘magiga ega akselerator dasturi tashkil etiladi.

Treninglarda faol qatnashib, topshiriqlarni bajargan bitiruvchilar $10 minggacha grant beriladigan loyihalar tanlovida ishtirok etishlari mumkin.

Loyihada ishtirok etish uchun 13-avgustdan kechiktirmay havola orqali anketa to‘ldirib, ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Ro‘yxatdan o‘tgach, nomzodlar Telegram’dagi @circular_business_training manziliga “men ro‘yxatdan o‘tdim” (я зарегистрировался/ась) mazmunidagi xabar yuborishi lozim. Xabarda ism-familiya va shahar (Toshkent, Angren yoki Nukus) ko‘rsatilishi kerak.


Avvalroq Spot 2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 1548 ta huquqbuzarlik holati aniqlangani haqida yozgandi.