Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya Belarusda sarmoyaviy va ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Minskda Belinvestbank, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi hamda Bellegprom konserni rahbariyati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi korxonalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Belinvestbank qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini, jumladan, imtiyozli kreditlash, lizing va uskunalar yetkazib berishni moliyalashtirishni taklif etdi. Samarqand viloyati chorvachilik, to‘qimachilik va mebel sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek, turizm va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlarini taqdim qildi.

Qishloq xo‘jaligiga alohida e‘tibor qaratildi. Samarqand tomoni naslli yirik shoxli qoramol yetkazib berishni kengaytirish, go‘sht mahsulotlari importini ko‘paytirish hamda seleksiya va genetika sohalarida hamkorlik qilishni taklif qildi.

Chorva Sut Servis va Maroqand MIT kompaniyalari Grodno viloyatidagi chorvachilik majmualariga sarmoya kiritishga, so‘ngra Belarus tajribasi va texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy etishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, sut mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish, Bellakt ishtirokida bolalar ozuqasini mahalliylashtirish hamda Samarqanddan Belarusga quruq mevalar, yong‘oqlar va chuqur qayta ishlangan mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Tashrif doirasida delegatsiya Belarusning Prigranichniy va Subbotniki qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyatini ham o‘rgandi. Belarus tomoni tayyor infratuzilma va mavjud chorva mollari bo‘lgan yer uchastkalarini sotib olish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Obyektlar bilan tanishgach, samarqandlik tadbirkorlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari ularni xarid qilish imkoniyatini muhokama qilib, keyingi qadamlarni belgilab oldi.

To‘qimachilik sohasida tomonlar gazlama va uskunalar yetkazib berishdan to‘laqonli ishlab chiqarish kooperatsiyasiga o‘tishga kelishib oldi.

Xususan, Belarus brendlari ostida tolling asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, terini chuqur qayta ishlash, ip-kalava va denim eksportini oshirish, shuningdek, Samarqand korxonalarini Belarus uskunalari va raqamlashtirish texnologiyalari bilan jihozlash masalalari muhokama qilindi.

Viloyat hokimligi ma‘lumotlariga ko‘ra, viloyat yengil sanoati 600 dan ortiq korxona va 16 ming nafar mutaxassisni birlashtiradi, ishlab chiqarish esa bir yilda 5% ga o‘sgan.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar qo‘shma tashabbuslarni yanada ilgari surishga kelishib oldi. Adiz Boboyev belaruslik hamkorlarni Samarqand viloyatiga taklif qildi, hokimlik esa sarmoyaviy loyihalarni barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

Spot, avvalroq, Belarusdan O‘zbekistonga Slavyan karvoni blok-poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.