Milliy valyutadagi bank kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari aprelda nisbatan may oyida biroz oshgan, iyunda esa yana pasaygan. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.
May oyida imtiyozli kreditlar ham hisobga olingan o‘rtacha nominal stavka 20% ni tashkil etdi. Bu aprelga nisbatan 0,3 foiz bandga yuqori. Iyun oyida esa stavka 19,8% gacha pasaydi.
Yillik hisobda milliy valyutadagi kreditlarning o‘rtacha stavkasi 0,6 foiz bandga kamaygan.
Bir yilgacha muddatli kreditlar may oyida 21,3% stavkada berilgan. Iyun oyida ular biroz arzonlashib, 21,2% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, yillik hisobda ushbu kreditlar stavkasi 0,1 foiz bandga oshgan.

Uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha stavka may oyida 19,6% gacha oshgan, iyunda esa aprel oyidagi darajaga — 19,3% ga qaytgan. Bir yil ichida bir yildan ortiq muddatli kreditlar o‘rtacha 0,9 foiz bandga arzonlashgan.
Aholi uchun kreditlar
Jismoniy shaxslar kreditlari bo‘yicha o‘rtacha stavka oyiga 0,1 foiz banddan pasayib, may oyida 20,3%, iyunda esa 20,2% ni tashkil etdi. Yillik hisobda stavka 2,7 foiz bandga kamaygan.
Qisqa muddatli kreditlar may oyida keskin arzonlashib, 23,1% gacha tushgan, iyunda esa 23,6% gacha oshgan. Bir yil ichida bunday kreditlar stavkasi 4,3 foiz bandga pasaygan.
Aholining inflyatsion kutilmalari 10,1% gacha pasaygan bo‘lsa-da, kreditlarning real foiz stavkasi 9,2−9,3% gacha oshgan. Bu 2025-yilga nisbatan 0,6 foiz band yuqori.
Jismoniy shaxslar uchun tijoriy kreditlarning o‘rtacha stavkasi 21,4% ni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1,9 foiz bandga arzonlashgan. Imtiyozli kreditlar esa arzonlashishda davom etib, iyun oxirida 9,7% gacha tushgan.
Shu bilan birga, imtiyozli kreditlarning qisqa muddatli turi may-iyun oylarida 4,1% dan 6% gacha qimmatlashgan, biroq o‘tgan yilga nisbatan 1,5 foiz band arzonligicha qolgan. Bir yildan ortiq muddatli imtiyozli kreditlar 9,8% stavkada taklif etilmoqda.

Tijoriy kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalari 10,3% gacha oshib, 2025-yil kuzidan beri eng yuqori darajaga yetdi. Imtiyozli kreditlarning real stavkasi esa yanvardan beri ilk bor manfiy — 0,3% bo‘ldi.
Biznes uchun kreditlar
Korporativ sektorda milliy valyutadagi kreditlarning o‘rtacha stavkasi may oyida 19,8% gacha oshib, iyunda 19,5% gacha pasaydi. Yillik hisobda stavka 0,6 foiz bandga yuqori bo‘ldi.
Biznes uchun qisqa muddatli kreditlar stavkasi 21,1−21,2% atrofida saqlanib qoldi. Bir yildan ortiq muddatli kreditlar may oyida 19% gacha qimmatlashib, iyunda 18,6% gacha pasaydi.
Real stavkalar may oyida 8,2% dan 9% gacha oshib, iyun oxirida 8,8% ga tushdi. Bir yil ichida ular 2,4 foiz bandga oshgan.
Tijoriy shartlarda biznes kreditlari o‘rtacha 21,8% stavkada berilmoqda. Bu ikki oyda 0,8 foiz bandga, o‘tgan yil iyuniga nisbatan esa 1 foiz bandga pasaygan. Ularning real stavkasi may oyida rekord darajadagi 11,4% ga chiqib, iyunda 10,8 foizgacha tushgan.
Qisqa muddatli tijoriy kreditlar stavkasi iyunda 21,3%, uzoq muddatlilarniki esa 22,2% ni tashkil etdi.
Biznes uchun imtiyozli kreditlar esa qimmatlashishda davom etmoqda: o‘rtacha stavka may oyida 9,8%, iyunda 10,2% ga yetdi. Bu yillik hisobda 0,3 foiz bandga yuqori.

Bir yilgacha muddatli imtiyozli kreditlar stavkasi may oyida 10,4% gacha oshib, iyunda o‘tgan yil sentyabridan beri eng past daraja — 7,7% gacha tushdi. Uzoq muddatli kreditlarning o‘rtacha stavkasi iyunda 10,2% ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,1 foiz bandga past.
Imtiyozli kreditlarning real stavkasi yarim yil yakunida yana ijobiy ko‘rsatkichga chiqib, 0,2% ni tashkil etdi. Ikki oyda u 1,5 foiz bandga, yillik hisobda esa 1,8 foiz bandga oshdi.
Valyutadagi kreditlar
Biznesga xorijiy valyutada beriladigan kreditlar stavkasi may oyida 10,3% gacha oshib, iyunda ham shu darajada saqlanib qoldi. Yillik o‘sish 0,4 foiz bandni tashkil etdi.
Bir yilgacha muddatli kreditlar may oyidagi kichik o‘sishdan so‘ng iyunda 9,3% gacha arzonlashdi. Bu o‘tgan yil yoziga nisbatan 0,4 foiz bandga past.
Uzoq muddatli valyuta kreditlari esa qimmatlashishda davom etib, may oyida 10,7%, iyunda 10,9% ni tashkil etdi. Bir yil ichida ularning stavkasi 0,9 foiz bandga oshdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yarim yilda 13,1 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgani haqida yozgandi.