2026-yilning yanvar−iyun oylarida 562 918 ta ehtiyojmand oilaga elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlari uchun jami 92,1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lab berildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Shundan 51,4 mlrd so‘m elektr energiyasi, 40,7 mlrd so‘m esa tabiiy gaz uchun to‘langan.
Kompensatsiyalar prezidentning 2025-yil 2-apreldagi PQ-134-son qarori asosida ajratilmoqda.
Unga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gazning bazaviy me‘yordan ortiq iste‘mol qilingan qismi uchun bazaviy me‘yor doirasidagi va undan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq qoplab beriladi.
Kompensatsiya olish bo‘yicha mahalladagi ijtimoiy xodim, tumandagi Inson ijtimoiy xizmatlar markazi yoki agentlikning 1140 qisqa raqamli call-markaziga murojaat qilish mumkin.
1-iyundan ehtiyojmand oilalar uchun ajratiladigan kompensatsiya miqdorlari ham oshirilgandi. To‘lovlar quyidagicha ko‘tarilgan:
- elektr uchun — 30 ming so‘mdan 37,5 ming so‘mga (bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt·soatgacha iste’mol uchun);
- gaz uchun — isitish mavsumida 200 ming so‘mdan 225 ming so‘mga (bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha);
- boshqa mavsumlarda — 120 ming so‘mdan 135 ming so‘mga (150 kub metrga).
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yirik iste‘molchilar uchun elektr energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgandi.