Avvalroq Spot Qirg‘iziston O‘zbekistondan olib kirilgan jami 28 tonna sabzavotni markirovka talablari bajarilmagani sababli ortga qaytargani haqida yozgandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan holat yuzasidan vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tezkor o‘rganish o‘tkazildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonning fitosanitar xavfsizlik bo‘yicha vakolatli organi bilan o‘tkazilgan muloqotda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari markirovka talablari buzilgani sababli chegarada ushlab qolingani aniqlangan.
E-fito.uz platformasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, piyoz va sabzi Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan va “O‘zbekiston” chegara posti orqali Qirg‘izistonga yuborilgan.
Yuk egasining ma’lum qilishicha, markirovkadagi kamchiliklar bartaraf etilgach, mahsulotlar Qirg‘iziston hududiga olib kirilgan va ularni sotishga ruxsat berilgan.
Qirg‘izistonning karantin-fitosanitar qoidalariga ko‘ra, mamlakatga olib kiriladigan meva-sabzavotlarning har bir qadog‘ida mahsulot nomi, kelib chiqish mamlakati, eksportchi va/yoki reeksportchi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak.
Vazirlik eksportchilarga mahsulotlarni jo‘natishdan oldin import qiluvchi davlatning markirovka, qadoqlash va boshqa fitosanitar talablarini tekshirishni tavsiya qildi.
Bu yuklarning chegarada to‘xtatilishi, qo‘shimcha xarajatlar va eksportdagi kechikishlarning oldini olishga yordam beradi.
Avvalroq Spot Xitoy O‘zbekistondan 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni olib kirishga ruxsat bergani haqida yozgandi.
Ro‘yxatga quritilgan sabzi, lavlagi, pomidor, rediska, baqlajon, qovoqcha, qovoq, piyoz, sarimsoq piyoz va ko‘katlar kiradi.