Qirg‘iziston O‘zbekistondan olib kirilgan jami 28 tonna sabzavotni markirovka talablari bajarilmagani sababli ortga qaytardi. Bu haqda ekonomist.kg nashri xabar berdi.
Qirg‘izistonning “Qizil-Qiya — avtomobil yo‘li” fitosanitariya nazorat postida O‘zbekistondan olib kelingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tekshirilgan.
Tekshiruv davomida mahsulot qadoqlarida majburiy markirovka mavjud emasligi aniqlangan. Natijada yuk Qirg‘izistonga kiritilmay, O‘zbekistonga qaytarilgan.
Qayd etilishicha, mamlakat O‘zbekistonga jami 28 tonna mahsulot — 23 tonna piyoz va 5 tonna sabzini qaytarib yubordi.
Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, gap karantin ostidagi mahsulotlar uchun majburiy fitosanitariya markirovkasi haqida bormoqda.
Import qilinayotgan mahsulotlarda belgilangan markirovka bo‘lmagani Qirg‘iziston tomonidan qo‘llaniladigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YOII) yagona karantin-fitosanitariya talablariga zid hisoblanadi. Shu sababli butun partiya eksport qiluvchi davlatga qaytarilgan.
O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Qirg‘iziston chegarasidan markirovka talablari sababli qaytarilishi avval ham bo‘lgan.
May oyida Qirg‘iziston O‘zbekistondan olib kelingan 21 tonna tarvuzni ham qaytargan. O‘sha holatda fitosanitariya sertifikatida mahsulot markirovkalangani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda qadoqlarda belgilangan markirovka talablari bajarilmagani aniqlangan.
Bundan tashqari, avgust oyi boshida qariyb 25 tonna piyoz “Do‘stlik” nazorat punktidan aynan majburiy fitosanitariya markirovkasi bo‘lmagani sababli ortga qaytarilgan.
Avvalroq Spot Rossiya o‘zbekistonlik beshta eksportchidan sabzavot va meva importini cheklashi haqida yozgandi.