Alif Armanistonning Ineco Group kompaniyasidan mudoraba tamoyili asosida tuzilgan bitim doirasida $10 mln mablag‘ jalb qildi. Bu haqda fintex kompaniyasi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Mablag‘lar Alif’ning O‘zbekistondagi biznesini rivojlantirish, xususan, muddatli to‘lov xizmatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Kompaniya bitim islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan vositalarga xalqaro moliya institutlari qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatishini qayd etdi.

Alif Uzbekistan bosh direktori Nuriddin Lafizov kelishuvni islomiy moliyalashtirishning amalda ishlashini tasdiqlovchi loyiha sifatida baholadi.

“Loyihani amalga oshirish katta hamkorlikdagi ishlarni talab qildi va biz Ineco Group jamoasiga ochiqligi, ishonchi va birgalikda yangi yechimlarni izlashga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildiramiz”, — dedi u.

Ineco Group’ning xalqaro biznes bo‘yicha direktori Dmitro Tolstik esa kelishuv guruhning xalqaro ishtirokini kengaytirish va moliyalashtirishning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish strategiyasining bir qismi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyihalardagi ishtirok bankka “o‘z tajribasini mustahkamlashga va mijozlarga kengroq moliyaviy yechimlarni taklif qilishga” imkon beradi.

Ineco Group moliyaviy xizmatlar, fintex yechimlar va portfel sarmoyalari yo‘nalishida faoliyat yuritadi. 2024-yil 31-dekabr holatida xalqaro investitsiya guruhi boshqaruvidagi aktivlar $2 mlrdni tashkil etgan.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2027-yildan muddatli to‘lov xizmatlari uchun yangi tartib va cheklovlar joriy etilishi haqida yozgan edi.