Apple 13-avgust kuni ayrim iPhone foydalanuvchilariga qurilmalari “yollanma josuslik dasturi” (mercenary spyware) orqali nishonga olingan bo‘lishi mumkinligi haqida xavfsizlik bildirishnomalarini yubordi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.

Yangi ogohlantirishlar 110 mamlakatdagi foydalanuvchilarga yetkazilgan. Apple bunday bildirishnomalarni 2021-yildan beri yuborib kelmoqda va shu vaqtgacha 150 dan ortiq mamlakatdagi foydalanuvchilarni ogohlantirgan.

Apple bunday ogohlantirishni endi bevosita iPhone’ning bloklangan ekranida push-bildirishnoma sifatida ham ko‘rsatmoqda.

Bildirishnomada Apple iPhone’ga “mercenary spyware” hujumi nishonga olinganini aniqlagani va qurilma hamda ma’lumotlarni himoya qilish uchun choralar ko‘rish kerakligi haqida xabar beriladi. Ogohlantirish Apple akkauntiga kirilganda ham ko‘rinadi, shuningdek, kompaniya foydalanuvchiga elektron pochta va iMessage orqali ham xabar yuboradi.

Agar foydalanuvchi shunday bildirishnoma olsa, Apple birinchi navbatda Lockdown Mode — “Qulflash rejimi"ni yoqishni tavsiya qiladi.

Bu iPhone’ning ayrim funksiyalarini cheklab, hujum uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlarni kamaytiradi. Masalan, xabarlar orqali yuboriladigan ayrim fayllar bloklanadi, brauzerdagi ayrim murakkab texnologiyalar o‘chirib qo‘yiladi, noma’lum manbalardan keladigan ayrim FaceTime so‘rovlari cheklanadi.

Shu sababli Lockdown Mode oddiy foydalanish uchun emas, aynan yuqori darajadagi nishonli kiberhujumlardan himoyalanish uchun mo‘ljallangan.

Apple, shuningdek, qurilmalarning dasturiy ta’minotini eng so‘nggi versiyaga yangilash va zarur bo‘lsa, kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislardan yordam olishni tavsiya qiladi.

Kompaniya bunday ogohlantirish olgan foydalanuvchilarga Access Now tashkilotining Digital Security Helpline xizmatidan foydalanishni ham tavsiya qilmoqda.


Avvalroq Spot Apple iPhone 17 narxlarini butun dunyo bo‘ylab oshirishi mumkinligi haqida yozgandi.

iPhone 17'ning barcha modellari, ayniqsa iPhone 18 taqdimotidan keyin sotuvda qoladiganlari qimmatlashishi mumkin. Narx qancha oshishi noma’lum.