Insayder Fixed Focus Digital Weibo’da Apple 10-avgustdan boshlab iPhone 17 smartfonlari narxini oshirishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqdagi xabarni 9to5Mac nashri ham keltirgan. Apple esa bu mish-mishlarga rasman izoh bermadi.

Insayder ma’lumotlariga ko‘ra, narx oshishi iPhone 17'ning barcha modellariga, ayniqsa iPhone 18 taqdimotidan keyin ham sotuvda qolishi rejalashtirilayotgan qurilmalarga taalluqli bo‘lishi mumkin. Narx qancha oshishi hozircha noma’lum.

Bunga o‘xshash holat joriy yilda Yaponiyada kuzatilgan: iyul oyida Apple iPhone 17 narxlarini 8−11% ga oshirgan. Boshqa mamlakatlarda esa smartfonlar narxi o‘zgarmagan.

Shuningdek, manbaga ko‘ra, Apple iPhone 17 ishlab chiqarish quvvatlarining 15−30% ini vaqtincha to‘xtatgan. Taxminlarga ko‘ra, bu yangi avlodga o‘tishdan oldin zaxiralarni boshqarish bilan bog‘liq.

Shu paytgacha iPhone 17 Apple’ning yirik mahsulotlari orasida narxi oshirilmagan so‘nggi toifa bo‘lib kelgan. iPad va Mac kompyuterlari narxlari 2026-yilda avvalroq oshirilgan, iPhone 17 esa sotuvga chiqqanidan beri eski narxlarda qolgan edi. Endi, mish-mishlarga ko‘ra, navbat iPhone’ga ham yetib kelgan.

Narx oshishining asosiy sababi xotira chiplar bozoridagi inqiroz bo‘lishi mumkin. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda sun’iy intellektga mo‘ljallangan ma’lumotlar markazlari dunyoda ishlab chiqarilayotgan xotira chiplarining qariyb 70% ini iste’mol qilmoqda. Bu esa maishiy elektronika uchun zarur komponentlar tanqisligiga olib kelgan.

Apple iyun oyida CNN’ga kompaniya ilgari komponentlar narxining bunday tez sur’atlarda oshishini kuzatmaganini bildirgan. Chiplar tanqisligi iPhone ishlab chiqarish tannarxiga bevosita ta’sir qilayotgani sababli, Apple qo‘shimcha xarajatlarni narxlarni oshirish orqali qoplashga urinishi mumkin.

Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, Apple iPhone 17 seriyasi sotuvga chiqarilganidan beri ilk bor uning hayotiy sikli o‘rtasida, iPhone 18 taqdimotiga bir oydan kam vaqt qolganida, smartfonlar narxini global miqyosda oshirgan bo‘ladi.

Fixed Focus Digital ishonchli insayderlardan biri hisoblanadi. U avval ham Apple’ning hali taqdim etilmagan mahsulotlari xususiyatlari va chiqish sanalari haqida bir necha bor aniq ma’lumotlar bergan.


Avvalroq Spot iPhone 18 Pro’lar sotuvga chiqqan zahoti tugashi mumkinligi haqida yozgandi.

Tezkor xotira chiplarining taqchilligi sabab yangi modelning cheklangan miqdorda sotuvga chiqishi ehtimoli bor.