Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati Telegram va yana 10 ta xorijiy kompaniyani soliq ro‘yxatidan o‘tishga chaqirdi, deya xabar bermoqda economist.kg nashri.
Ular orasida Telegram, VK, Microsoft, Twitch, Alibaba, Pinduoduo, Valve, Sony Interactive Entertainment, Epic Games, Electronic Arts va Dropbox bor.
Qayd etilishicha, kompaniyalar Qirg‘iziston rezidentlariga elektron xizmatlar ko‘rsatmoqda, biroq soliq hisobida turmagan.
Soliq xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024−2025-yillarda Qirg‘iziston rezidentlari ushbu kompaniyalarga 15,9 mln ga yaqin to‘lovni amalga oshirgan. Ularning umumiy qiymati 13,2 mlrd qirg‘iz somidan oshgan.
Gap aslida “soliq"ni to‘lamaslikdan ko‘ra, majburiy soliq ro‘yxatidan o‘tmaganlik haqida ketmoqda. Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat rezidentlariga elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy tashkilotlar faoliyatni boshlashdan oldin soliq organida ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Soliq xizmati kompaniyalarga bir necha bor rasmiy murojaatlar yuborganini, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi orqali diplomatik kanallardan foydalanganini, ammo javob olmaganini bildirgan.
Shundan so‘ng idora talablar bajarilmasa, ushbu kompaniyalarning Qirg‘iziston hududidagi elektron xizmatlariga kirishni cheklash tashabbusini ilgari surishini ma’lum qilgan.
Avvalroq Spot TikTok, Meta, Google va Snap’ga qarshi ijtimoiy tarmoqlar zarari bo‘yicha minglab da’vo kiritilgani haqida yozgandi.