Hukumat qarori bilan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markaziga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma‘muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Reglamentga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari hamda mahallalarda kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar ko‘cha, vokzal, bozor, yerosti yo‘laklari, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va boshqa jamoat joylarida muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni aniqlab, ularga markaz xizmatlaridan foydalanishni taklif qiladi.
Voyaga yetgan shaxs markazga joylashish uchun bevosita murojaat qilishi mumkin. Agar uning voyaga yetmagan farzandlari bo‘lsa, ular ham u bilan birga joylashtiriladi.
Markazga olib kelingan shaxslar tuman yoki shahar darajasidagi tibbiyot muassasalarining shoshilinch qabul bo‘limlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Markazga joylashtirishga monelik qiluvchi shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamga ehtiyoj yoki yuqumli kasalliklar aniqlanmasa, shaxs markazga qabul qilinadi.
So‘rovnomani to‘ldirish uchun ma‘lumotlarni taqdim etish shaxsning markazga joylashish va uning ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga roziligini anglatadi.
So‘rovnoma shakllantirilgach, shaxs markazga yetti kunga joylashtiriladi. Belgilangan ayrim holatlarda bu muddat olti oygacha uzaytirilishi mumkin.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda rieltorlik faoliyatining yangi tartibi belgilangani haqida yozgandi.