24-avgust kuni O‘zbekneftgazda avgust oyida gaz qazib chiqarishni oshirish, quduqlarni ishga tushirish va ishlab chiqarishdagi avariyalarni kamaytirish bo‘yicha ishlar muhokama qilindi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda 1−24-avgust kunlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan 11 ta quduqning holati ko‘rib chiqildi. Shu davrda 8 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlanib, 7 tasi ishga tushirildi. Natijada kunlik qo‘shimcha 1,7 mln kub metr gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratildi.

Bitta quduqda sanoat miqyosida gaz oqimi olinmagan, yana bir quduqni ishga tushirish sentyabr oyining boshiga qoldirilgan. Uchta quduqdagi burg‘ilash ishlarini esa belgilangan muddatda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, bu davrda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan 8 ta quduqning barchasidan sanoat miqyosida gaz oqimi olindi. Rejalashtirilgan 235 ming kub metr o‘rniga 310 ming kub metr qo‘shimcha gaz olishga erishildi. 21−31-avgust kunlari yana 11 ta quduqni ishga tushirish va qo‘shimcha 340 ming kub metr gaz olish vazifasi belgilandi.

Yig‘ilishda quduqlarni ishga tushirish bilan birga ularni gaz tizimiga ulash uchun zarur quvurlar, texnologik qurilmalar, kompressor stansiyalari va elektr ta’minoti holatini ham bir vaqtda nazorat qilish topshirildi. Kompaniya boshqaruvi raisi burg‘ilash ishlari yakunlanganidan keyin yangi muammo paydo bo‘lib, tayyor gazni tizimga ulashga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini qayd etdi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarishdagi avariyalar masalasi ham “keskin” muhokama qilindi. Qat’iy nazorat va ko‘rilgan choralar natijasida avgustda Gazli va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida avariyaviy holatlar deyarli qayd etilmagani ta’kidlandi. Kompaniya buni texnologik qurilmalar, elektr ta’minoti-nazorat o‘lchov asboblari va avtomatikalarni sozlash, kamchiliklarni bartaraf etish choralari bilan izohlagan.

Shu bilan birga, joriy oyda boshqa boshqarmalarda yuz bergan avariyalar tabiiy gaz, gaz kondensati va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini kamaytirdi. Abdug‘ani Sanginov avariyalarni bartaraf etishdan ko‘ra, ularning oldini olishga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Mas’ullarga kelgusi oyda avariyaviy holatlarni keskin kamaytirish, havo sovib ketishidan oldin barcha profilaktik va ta’mirlash ishlarini yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘zbekneftgaz boshqaruv raisiga ko‘ra, gaz qazib chiqarishdagi tabiiy pasayishlarni qoplash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasida qo‘shimcha gaz oqimlari olinib, o‘sish ko‘rsatkichlariga erishilmoqda. Biroq boshqarmalarda yuz berayotgan avariyalar ishlab chiqarish natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli har bir topshiriq muddati, quduqlar holati, texnologik obyektlarning tayyorligi va qazib olinmayotgan gaz sabablari aniq nazorat qilinishi belgilandi.

Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz qo‘shma korxonalar ustidan nazoratni kuchaytirishi haqida yozgan edi.