AQSH zarbxonasi 2-sentabr kuni mamlakat mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlangan Donald Tramp tasviri tushirilgan yangi $1 lik tangani sotuvga chiqardi. Bu haqda AP News xabar berdi.
Tanga oltin rangli ko‘rinishga ega bo‘lib, uning bir tomonida prezident Donald Trampning portreti, ikkinchi tomonida esa AQSHning Buyuk muhri tasvirlangan.
Tanganing old tomonida Tramp portreti ustida “LIBERTY”, pastida esa “1776 ~ 2026” yozuvi joylashtirilgan. Shuningdek, “IN GOD WE TRUST” yozuvi ham mavjud. Orqa tomonida AQSHning Buyuk muhri — tumshug‘ida “E PLURIBUS UNUM” yozuvi tushirilgan lenta bo‘lgan burgut tasvirlangan.
Tanga 2026-yilda AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan chiqarilayotgan maxsus pul seriyasining bir qismi hisoblanadi. AQSH zarbxonasi ushbu tangalarni mamlakat tarixidagi muhim yubileyni nishonlash uchun ishlab chiqarayotganini bildirgan.
Tanganing nominal qiymati $1 bo‘lsa-da, AQSH zarbxonasi uni kolleksion mahsulot sifatida qimmatroqqa sotmoqda. 25 donalik o‘ram $61, 100 donalik qop esa $154,50 ga baholangan.
Bundan tashqari, 250 ming dona maxsus tanga 4-iyul kuni — AQSH Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan kunda zarb qilingan. Ular boshqa tangalardan maxsus “July 4th” belgisi bilan ajralib turadi va sotuvdagi rulon hamda qoplarga tasodifiy tarzda joylashtiriladi.
Tangalar tashqi ko‘rinishidan oltindek ko‘rinsa-da, tarkibida haqiqiy oltin yo‘q. Ular asosan misdan, shuningdek rux, marganes va nikeldan tashkil topgan qotishmadan tayyorlangan.
Trampning AQSH pul birligida tasvirlanishi esa alohida e’tibor uyg‘otmoqda. Mamlakatda tirik shaxslarning pulda tasvirlanishiga nisbatan uzoq yillik cheklov mavjud. Biroq Tramp ma’muriyati 2020-yilda qabul qilingan, AQSHning 250 yilligiga bag‘ishlangan maxsus tangalar chiqarishga imkon beruvchi qonunni ushbu dizayn uchun asos sifatida ko‘rsatmoqda.
Tanganing dizayni AQSH Tasviriy san’at komissiyasi tomonidan ham ma’qullangan. AP xabariga ko‘ra, komissiya a’zolari Tramp tomonidan tayinlangan. Trampning o‘zi ham avvalroq uning tasviri tushirilgan tanga g‘oyasini “juda noodatiy” deb atagan, biroq bundan faxrlanishini bildirgan.
AQSH zarbxonasi Tramp tasvirli $1 lik tangalardan jami 9 mln dona ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Ular qonuniy to‘lov vositasi maqomiga ega bo‘lsa-da, dastlabki sotuv shakli asosan kolleksionerlarga mo‘ljallangan.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Donald Trampga ikkita o‘zbek ayvonini sovg‘a qilgani haqida yozgandi.