Burger King fastfud restoranlari tarmog‘i Qirg‘iziston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekistonda Burger King tarmog‘ini rivojlantirayotgan Fast Food Systems rahbari Vyacheslav Dutkinskiy Spot’ga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha qo‘shni mamlakatda tarmoqning kamida bitta restoranini ochish rejalashtirilgan.
Avvalroq Qirg‘izistonda Burger King’ni rivojlantirish huquqi Holten Group’ga o‘tgan. Kompaniya O‘zbekistonda ham brend restoranlarini ochish huquqini olgan.
Burger King O‘zbekiston bozoriga 2025-yil dekabrida kirib kelgan. Birinchi restoran 16-dekabr kuni Toshkentdagi Alpomish muz saroyida ochilgan, keyinchalik Tashkent City Mall va Seoul Mun’da ham restoranlar ish boshlagan.
Hozir O‘zbekistonda Burger King’ning sakkizta restorani faoliyat yuritmoqda. Ularning oltitasi Toshkentda, bittadan restoran Chirchiq va Andijonda joylashgan.
2026-yilda kompaniya O‘zbekistondagi hududiy ekspansiyasini davom ettirishni ham rejalashtirmoqda. Xususan, Samarqandda yangi restoranlar ochiladi, keyinchalik tarmoq Buxoro va Farg‘ona vodiysi hududlariga kirishni mo‘ljallagan.
Dutkinskiyning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi Burger King’ning dastlabki restoranlari allaqachon o‘zini o‘zi qoplash darajasiga chiqqan.
Burger King‘ning ishga tushirilishi
2025-yil mart oyida Verniy Kapital kompaniyalar guruhi 2012-yildan beri hamkori Anuar Utemuratov bilan birgalikda egalik qilib kelgan Burger King Kazakhstan’ning eksklyuziv franshizasini sotgani ma’lum bo‘ldi. Burger King Kazakhstan 14 ta shaharda 55 ta restoranga ega.
Franshizani Dubayda ro‘yxatdan o‘tgan Holten Group kompaniyasi sotib olgan. U International Beverages Tashkent kompaniyasining ikki ta’sischisidan biri bo‘lib, 0,1% ulushga ega. Qolgan 99,9% ulush Holten Enterprise kompaniyasiga tegishli.
Bitim natijasida Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi Burger King restoranlari Holten Group tasarrufiga o‘tgan. Shuningdek, kompaniya O‘zbekistonda ham Burger King restoranlarini ochish huquqini olgan.
Aprel oyida International Beverages Tashkent ta’sischisi Shuhrat Ergashev prezident huzuridagi yig‘ilishda O‘zbekistonda ilk Burger King restoranlari tez orada ochilishini aytgan. Markaziy ofis Toshkentda joylashishi mumkinligi aytilgan. Shuningdek, kompaniyaga butun Markaziy Osiyo bo‘yicha litsenziya berish taklif qilingan.
O‘tgan yil noyabrida Shuhrat Ergashev O‘zbekistonda ilk Burger King restoranlarini bir yarim oy ichida ochish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Tadbirkor mamlakat bo‘ylab har yili yangi restoranlar ochib borishni va’da qilgan.
International Beverages Tashkent O‘zbekistonda Pepsi, Mirinda, Mountain Dew, 7Up, Adrenaline Rush va Lipton ichimliklarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Burger King — gamburgerlarga (asosan, vopperlarga) ixtisoslashgan dunyodagi ikkinchi yirik tez ovqatlanish restoranlari tarmog‘i. 1954-yilda tashkil etilgan. Kompaniya restoranlariga har kuni 11 mlndan ortiq odam tashrif buyuradi.
Avvalroq Spot Qirg‘izistonda raqamli som sinovdan o‘tkazilib, 2027-yildan bosqichma-bosqich joriy etilishi haqida yozgandi.