Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Humo barqaror tokenidan to‘lov vositasi sifatida foydalanishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha pilot loyihani kuzatib borishga kirishmoqda. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha prezidentning 2025-yil 27-noyabrdagi moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan qarori asosida amalga oshirilmoqda. Uning doirasida barqaror tokenlardan innovatsion to‘lov vositasi sifatida foydalanish imkoniyatlari sinovdan o‘tkaziladi.
Loyihaning huquqiy asosini, shuningdek, Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “Barqaror tokenlar muomalasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi to‘g‘risida"gi nizom tashkil etadi. Hujjat 2026-yil 15-aprelda Adliya vazirligida 3818-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
HUMO Digital korxonasi Markaziy bank bilan kelishilgan holda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan maxsus huquqiy rejim — “regulyator qumdoni” ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Pilot loyiha doirasida Humo barqaror tokenini chiqarish, muomalaga kiritish va so‘ndirish mexanizmlari sinovdan o‘tkaziladi. Bunda 1 Humo qiymati 1 so‘mga tenglashtiriladi, tokenlarni chiqarish esa O‘zbekiston davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta‘minlangan holda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Humo tokenidan O‘zbekiston hududida tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun to‘lov vositasi sifatida foydalanish hamda ular uchun to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatlari sinovdan o‘tkaziladi.
Loyiha doirasida bank, protsessing va blokcheyn infratuzilmalarini Humo orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun integratsiya qilish ham ko‘zda tutilgan. Loyihada hamkor sifatida kripto-depozitariy, kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalarga ega Asterium aksiyadorlik jamiyati ishtirok etadi.
Sinov davomida token ta‘minotining yetarliligi va saqlanishi, operatsiyalar shaffofligi, moliyaviy va operatsion xatarlarni boshqarish, axborot va kiberxavfsizlik hamda iste‘molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e‘tibor qaratiladi. Shuningdek, daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi nazorat qilinadi.
Markaziy bank loyihani pul-kredit siyosati maqsadlari va instrumentlariga muvofiqligi, shuningdek, moliyaviy va narxlar barqarorligiga tahdidlar mavjud emasligi nuqtayi nazaridan baholaydi va monitoring qiladi.
Pilot loyihaning dastlabki muddati 12 oyni tashkil etadi va belgilangan tartibda uzaytirilishi mumkin. Bunda uning umumiy amal qilish muddati uch yildan oshmasligi kerak.
Loyiha yakunida davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta‘minlangan barqaror token modelidan amalda foydalanish imkoniyatlari va u bilan bog‘liq xatarlar baholanadi.
Natijalar asosida O‘zbekistonda raqamli moliyaviy vositalarni tartibga solish yondashuvlarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda to‘lovlar uchun steyblkoinlardan foydalanish bo‘yicha tajriba loyihalari amalga oshirilayotgani haqida yozgandi.