Vazirlar Mahkamasi 4-sentabr kuni “Eng innovatsion g‘oya” tanlovini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Tegishli qaror Lex.uz'da e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, tanlov har yili sentabr-dekabr oylarida ikki bosqichda o‘tkaziladi. Unda 10 ta yo‘nalish qamrab olinadi:
- raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt;
- moliyaviy texnologiyalar (fintex);
- qishloq xo‘jaligi texnologiyalari (Agrotech);
- kiberxavfsizlik;
- sog‘liqni saqlash;
- farmatsevtika;
- mudofaa va xavfsizlik;
- energiya tejash;
- suv texnologiyalari;
- fan va ta’lim.
Birinchi bosqichda oliy ta’lim muassasalari talabalardan tanlovda ishtirok etish uchun g‘oya va takliflarni qabul qiladi. Ariza topshirishning oxirgi muddati — 10-oktabr.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi birinchi bosqich shartlari va arizalarga qo‘yiladigan talablarni 5-sentabrgacha tasdiqlashi kerak. Har bir ishtirokchi faqat bitta g‘oya taqdim eta oladi.
Takliflar rektor tomonidan tasdiqlanadigan saralash komissiyasi tomonidan baholanadi. Komissiya tarkibiga ilmiy darajaga ega universitet xodimlari, bakalavriat va magistratura talabalari kiradi.
Komissiya 10-noyabrgacha barcha g‘oyalarni baholab, har bir a’zoning bergan ballari o‘rtacha ko‘rsatkichi asosida eng yaxshilarini tanlaydi. Har bir universitet g‘oya mualliflariga budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 100 mln so‘m miqdorida mukofot puli ajratadi.
Birinchi o‘rin sohibiga 50 mln so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 30 mln so‘m, uchinchi o‘rin uchun esa 20 mln so‘m beriladi. Mablag‘lar 20-noyabrgacha g‘olib nomiga ochilgan bank kartasiga o‘tkaziladi.
Universitet bosqichi g‘oliblari tanlovning respublika bosqichida ham ishtirok etadi. Ularning arizalari olimlar, davlat organlari vakillari hamda tegishli sanoat yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislardan, jumladan xususiy sektor vakillaridan iborat kamida 5 kishilik komissiya tomonidan baholanadi.
Innovatsion rivojlanish agentligi 1-dekabrgacha respublika bosqichi ishtirokchilari ro‘yxatini shakllantiradi hamda g‘oyalar taqdimoti sanasi va joyini oliy ta’lim muassasalariga ma’lum qiladi. Hududlardagi ishtirokchilar taqdimotda onlayn qatnashishi mumkin.
Respublika bosqichi 20-dekabrgacha yakunlanishi kerak. Eng yaxshi uchta loyiha uchun 500 mln, 300 mln va 200 mln so‘m miqdorida mukofot beriladi.
Mablag‘lar g‘oya muallifi va Innovatsion rivojlanish agentligi ishtirokida tuziladigan uch tomonlama kelishuvga muvofiq universitetlarning hisob raqamlariga o‘tkaziladi.
Kelishuvda loyihani amalga oshirish muddati, uning doirasida bajariladigan ishlar hamda mablag‘larning maqsadli sarflanishini monitoring qilish shartlari belgilanadi. Bundan tashqari, tanlov homiylari g‘oliblar va boshqa ishtirokchilarga qo‘shimcha mukofotlar taqdim etishi mumkin.
Universitet va respublika bosqichlarida g‘oyalarni baholashda 5 ta mezon qo‘llanadi. Har bir mezon bo‘yicha 20 ballgacha beriladi:
- ilmiy va innovatsion jihatdan yangiligi;
- g‘oyaning dolzarbligi;
- mavjud analoglardan farqi;
- xarajatlar smetasining asoslanganligi;
- amalga oshirilishidan kutilayotgan natijalar.
Shavkat Mirziyoyev fevral oyida yoshlar uchun yangi tanlovni yo‘lga qo‘yishni topshirgan edi. Tanlovning asosiy maqsadlari — oliy ta’lim muassasalaridagi iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, startaplar yaratish uchun yuqori salohiyatga ega g‘oyalarni izlab topish va ularni moliyalashtirishdan iborat.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning Cerberus startapi TechCrunch Startup Battlefield tanlovining mintaqaviy bosqichida g‘olib bo‘lgani haqida yozgandi.