Jasurbek Choriyev O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari lavozimini rasman tark etdi. Bu vazirlik saytidagi ma‘lumotlardan anglashiladi.

Hozirda Transport vazirligining “Rahbariyat” bo‘limida faqat uch kishi ko‘rsatilgan: vazir Ilhom Mahkamov, birinchi o‘rinbosar Mamanbiy Omarov va o‘rinbosar Ilhomjon Abdug‘afarov.

Avvalroq Jasurbek Choriyev egallab kelgan vazirning yana bir o‘rinbosari lavozimi bo‘shligicha qolmoqda.

May oyi o‘rtalarida Ostonada bo‘lib o‘tgan 18-yig‘ilishda Jasurbek Choriyev O‘zbekiston nomzodi sifatida TRASEKA bosh kotibi etib saylangan edi. 21-maydan so‘ng uning ismi, garchi vazirlik rahbariyati ro‘yxatida bo‘lsa ham, Transport vazirligining rasmiy kanallarida tilga olinmadi.

Spot ma‘lumotlariga ko‘ra, Jasurbek Choriyev TRASEKA bosh kotibi etib saylanganidan so‘ng transport vaziri o‘rinbosari vazifasini bajarishni amalda to‘xtatgan, chunki bu lavozimlarda birga faoliyat olib borish mumkin emas. Shu bilan birga, uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi rasmiy maʼlumot yaqin vaqtgacha e‘lon qilinmagani sababli, Choriyev vazirlik rahbariyati ro‘yxatida turgan.

TRASEKA — Yevropa Ittifoqi va hamkor davlatlar o‘rtasida Yevropa — Kavkaz — Osiyo transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik dasturidir. Tashkiliy jihatdan TRASEKA hukumatlararo komissiya hisoblanadi.

TRASEKA Bosh kotibi doimiy Kotibiyatning bosh ijrochi direktori sanaladi. U hukumatlararo komissiya tomonidan saylanadi va uning faoliyatiga umumiy rahbarlik uchun mas‘uldir.

Jasurbek Choriyev haqida

Choriyev Jasurbek Ergashevich 1978-yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Boulderdagi Kolorado universiteti va Toshkent davlat aviatsiya institutida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida boshlagan, so‘ngra xorijiy aviakompaniyalarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Choriyev O‘zbekiston Transport vazirligida 2019-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgandi. 2020-yil avgust oyidan transport vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab, aviatsiya va temiryo‘l sohalariga rahbarlik qilgan.


Spot, avvalroq, G‘ofurjon Mirzayev Mahallalar uyushmasi raisi etib tayinlangani haqida yozgandi.