Toshkentdagi maktablar oldida o‘quvchilarni transport vositalaridan xavfsiz tushirish va olib ketish uchun maxsus to‘xtash zonalarini tashkil etish ishlari boshlandi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Dastlabki bosqichda bunday zonalar Yunusobod tumanidagi 5-sonli hamda Shayxontohur tumanidagi 42-sonli maktab oldida tashkil etildi.

Mazkur hududlarda transport vositalarining qisqa muddatga tartibli to‘xtashi uchun tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilib, yo‘l chiziqlari chizildi.

Maxsus zonalar o‘quvchilarning avtomobildan bevosita qatnov qismiga tushib qolishining oldini olish, maktablar oldidagi tartibsiz to‘xtashlarni kamaytirish hamda ertalab va darslar tugaydigan vaqtda transport harakatini tartibga solishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu zonalar ota-onalarga farzandlarini belgilangan joyda xavfsiz tushirish yoki olib ketish, piyodalar va boshqa transport vositalari harakatiga xalal bermaslik imkonini beradi.

Ayni paytda poytaxtdagi boshqa maktablar oldida ham shu kabi maxsus to‘xtash zonalarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentda ota-onalar bolalar uchun maktab avtobuslari yo‘lga qo‘yilishini istashi haqida yozgandi.