Joriy yilning avgust oyida mamlakat bo‘yicha qariyb 25,1 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.

Qayd etilishicha, bu o‘tgan yilning avgust oyidagi ko‘rsatkichga deyarli mos keladi (+0,2%).

Yil boshidan buyon (yanvar-avgust) O‘zbekistonda uy-joy savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4% ga o‘sib, 222,5 mingta bitimni tashkil etdi.

Mart oyida bitimlar soni 43,5 mingtagacha sezilarli darajada oshganidan so‘ng, aprel-may oylarida faollik pasaydi.

Iyun-iyul oylarida ko‘rsatkich oyiga 25−26 mingta bitimgacha tiklandi va avgust oyida ham shu darajada saqlanib qoldi.

Hududlar kesimida avgust oyida faollik 14 ta hududning 6 tasida oshdi. Toshkent shahrida 7,4 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2% ga ko‘p.

Yil boshidan buyon (yanvar-avgust) poytaxtda uy-joy savdosi hajmi 27,5% ga oshdi. Yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (25,4%) va Andijon viloyatlarida (23,8%) ham qayd etildi.


Avvalroq Spot “dom"larning birinchi qavatini noturarga o‘tkazmasdan xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.