O‘zbekistondagi 11 ta professional futbol klubini ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha tanlov e‘lon qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Prezidentning 2026-yil 24-martdagi qarorga muvofiq, “Bunyodkor”, “Buxoro”, “Dinamo”, “Qizilqum”, “Navbahor”, “Nasaf”, “Neftchi”, “Lokomotiv”, “Mash'al”, OKMK va “Paxtakor” klublarini ishonchli boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan.
Tanlovda professional futbol klublari faoliyati bilan bog‘liq yillik barcha xarajatlarning kamida 20% i miqdorida homiylik mablag‘larini kiritgan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhi ishtirok etishi mumkin.
Klublarni ishonchli boshqaruvga olgan tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar nazarda tutilgan.
Xususan, foyda solig‘ini hisoblashda ularning soliq solinadigan foydasi klublarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan homiylik mablag‘lari summasiga, biroq soliq solinadigan foydaning 10% idan oshmagan miqdorda kamaytiriladi.
Shuningdek, futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% miqdorida belgilanadi.
Tijorat banklari tomonidan klublarni sotib olish yoki sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta‘mirlash uchun 1 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga yillik 14% stavkada kredit ajratiladi.
Buning uchun likvidli garov ta‘minoti va istiqbolli biznes-reja taqdim etilishi kerak. Klub balansidagi bino, inshoot va yer maydonlari garov ta‘minoti sifatida qabul qilinmaydi.
Bundan tashqari, klubni boshqaruvga olgan tadbirkorlarga o‘z mahsulot va xizmatlarini O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi markaziy va hududiy telekanallarda sportni ommalashtirishga qaratilgan efirlar davomida reklama qilish uchun 50% lik chegirma beriladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda biznes uchun kunduzgi elektr tarifi pasaytirilib, tungisi oshirilishi haqida yozgandi.