Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida yozgandi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2024-yil may oyida tasdiqlagan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. O‘zgarishlar asosan biznes tomonidan iste’mol qilinadigan energiya resurslari uchun to‘lov tartibi va shartlariga taalluqli.

Xususan, I guruh elektr energiyasi iste’molchilari (yirik sanoat korxonalari va budjet tashkilotlari) tungi vaqtda (22:00 dan 06:00 gacha) umumiy tarif bo‘yicha, yarim tig‘iz davrlarda esa 1,5 barobar pasaytiruvchi koeffitsiyent bilan to‘lov qiladi. Avval tartib aksincha edi: yarim tig‘iz davrda umumiy tarif, tunda esa 1,5 barobar arzonlashtirilgan tarif amal qilgan.

1-iyundan I guruh uchun 1 kVt·soat elektr energiyasi 1100 so‘mlik umumiy tarifda hisoblanmoqda. Yarim tig‘iz davrlarda esa tarif taxminan 733 so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, elektr energiyasi va gazning “namunali iste’molchisi” tushunchasi joriy etiladi. Ushbu maqom quyidagi shartlarga rioya qilgan tadbirkorlarga beriladi:

  • elektr energiyasi (ASKUE) va gazni (ASKUG) avtomatik nazorat qilish va hisobga olish tizimlariga ulangan bo‘lish;
  • masofadan boshqarish imkoniyatiga ega hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lishi;
  • avvalgi ikki oy davomida to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan bo‘lish;
  • energiya resurslaridan foydalanish sohasida qoidabuzarliklar bo‘lmasligi.

“Namunali iste’molchilar” elektr energiyasi va gaz uchun har oy shartnomadagi hajmning 15% i miqdorida oldindan to‘lov qilishi mumkin. Qolgan mablag‘ iste’mol hajmiga qarab to‘lanadi. Avval 100% oldindan to‘lov talab qilingan.

Agar “namunali iste’molchi"ning ASKUEdagi billing hisobida mablag‘ qolmasa, elektr ta’minoti avtomatik ravishda to‘xtatiladi. To‘lov amalga oshirilgach, elektr ta’minoti ham avtomatik ravishda qayta tiklanadi.

Bloger va iqtisodchi Otabek Bakirov yarim tig‘iz davrlarda tariflarning pasayishi va tungi tariflarning oshishini elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibidagi o‘zgarish bilan bog‘ladi.

Hozir elektr energiyasining asosiy qismi kunduz kuni quyosh va shamol elektr stansiyalarida, tunda esa qimmatroq gaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilmoqda.


Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyalari data-markazlar bilan bog‘lanishi mumkinligi haqida yozgandi.