Toshkentda yangi “Poytaxt bank” o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi bank Toshkentda ko‘p qavatli uylarni qurish va ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashgan pudratchi tashkilotlarga kreditlar ajratish va lizing xizmatlarini ko‘rsatish, muhandislik infratuzilmalari sifatini yaxshilashni ko‘zda tutuvchi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni moliyalashtirib, investitsion faoliyatni olib boradi.

Bankning ustav kapitali 100 mlrd. so‘m miqdorida belgilangan bo‘lib, 100% Toshkent shahar hokimligi tomonidan shakllantirilgan. Bank kengashi raisligiga Toshkent shahar hokimi mahkamasining Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Lutfilla Nurullayevich, Bank boshqaruv raisi etib Aripov Qaxramon Tursunovich belgilangan.

Ta’kidlanishicha, bankning afzalliklaridan biri, interaktiv xizmatlarning yo‘lga qo‘yilganligi. Unga ko‘ra, mijoz hatto bankka kelmagan taqdirda ham hisob raqami ochilishi va boshqa xizmatlarni masofadan turib amalga oshirishi mumkin.

Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi bankomatlar haftaning har kuni 24 soat davomida faoliyat olib boradi. Bankda 130 ga yaqin xodimlar mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.

Ilgari Spot Markaziy bank “Poytaxt bank"ga bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya bergani haqida xabar bergan edi.