Prezidentning “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi.

Farmonga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi (Agentlik) tashkil etiladi.

Quyidagilar Agentlik tasarrufiga o’tkaziladi:

  • “O‘zsharobsanoat” AJ “Zomin uzumchilik o‘quv markazi” MCHJni kelgusida uni Agentlik qoshidagi “Uzumchilik o‘quv markazi” DUKga aylantirgan holda;
  • “O‘zsharobsanoat” AJning “Markaziy sinov laboratoriyasi” MCHJni kelgusida uni Agentlik huzuridagi “Enologiya laboratoriyasi” DUKga aylantirgan holda.

Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • uzumchilik va vinochilik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, shuningdek, uzumchilik va vinochilikni jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan kompleks maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • uzum, asosan uning texnik navlari plantatsiyalarini kengaytirishga, va vinochilikni rivojlantirishga, zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etishga, vinochilik korxonalarini kompleks modernizatsiyalashga ko‘maklashish;
  • raqobatbardosh vinochilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishda uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash, tashqi bozorlar kon’yunkturasini chuqur marketing tadqiqotlari o‘tkazish yo‘li bilan sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, mahalliy vinochilik mahsulotlarini respublikada, jumladan, xorijda ham ommalashtirish;
  • xorijiy va mahalliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tarmoqning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilish orqali uzumchilik va vinochilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish;
  • uzum ko‘chatlari yetishtiruvchilar faoliyatini tartibga solish, uzum, meva va rezavorlardan tayyorlangan alkogol mahsulotlari sifatini aniqlash yuzasidan Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi bilan hamkorlik qilish;
  • Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda uzum plantatsiyalarining elektron reyestrini yuritish;

2020 yil 1 yanvardan boshlab aroq va (yoki) likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga quyidagi qo‘shimcha litsenzion talablar joriy etiladi:

  • uch yil ichida o‘zining texnik uzum navlari plantatsiyalarini bir tekis yaratish va kelgusida vino materiallari va (yoki) vino ishlab chiqarishni tashkil qilish. Bunda texnik uzum navlari ekilganidan keyingi uch yildan so‘ng texnik uzum navlari plantatsiyalarining maydoni aroq va (yoki) likyor-aroq mahsulotlarini yillik ishlab chiqarish hajmining 75% ga mutanosib keladigan vino materiallari va (yoki) vino ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan hosilni yig‘ish imkonini berishi kerak;
  • aroq hamda iste’moletil spirtidan aroq va likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud yillik ishlab chiqarish quvvatlaridan o‘rnatilgan quvvatlarning 60 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda foydalanilishini ta’minlash. Bunda yillik ishlab chiqarish hajmi absolyut alkogolga qayta hisoblaganda kamida 100 ming dekalitrni tashkil qilishi lozim;
  • aroq ishlab chiqarmaydigan korxonalarda iste’moletil spirtidan likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud yillik ishlab chiqarish quvvatlaridan o‘rnatilgan quvvatlarning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda foydalanilishini ta’minlash;
  • bunda uzum, mevalar va rezavordan tayyorlangan alkogol mahsulotlariga minimal ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha litsenzion talab o‘rnatilmaydi.