Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Unda yerni xususiylashtirish tartib-taomiliga oid qator tushunchalar ta’riflangan, uning xususiy mulkka o‘tish tamoyillari belgilangan.

Loyihaga binoan xususiylashtirish obyektlari quyidagi yer uchastkalaridir:

  • yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari joylashgan, shuningdek ularga tutash uchastkalar;
  • O‘zbekiston fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan;
  • yashash uchun yaroqsiz, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga berilgan turar joy uylari bo‘lgan.

Quyidagi uchastkalar xususiylashtirilmaydi:

  • xususiylashtirilmaydigan davlat mulki obyektlari va ustav fondida xorijiy kapital ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan korxonalar joylashgan;
  • tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar tarkibiga kiradigan, shuningdek o‘rmon va suv fondi yerlari, shu jumladan suv ob’ektlarining qirg‘oqbo‘yi zonalari;
  • ular yuzasidan sudda ish ko‘rilayotgan, tegishli hal qiluv qarori kuchga kirgunga qadar.

Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish “E-IJRO AUKSION” yagona savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi.

Xorijiy fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va O‘zbekiston norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga yer sotib olishda cheklovlar nazarda tutiladi.

Qonun loyihasida yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini bekor qilishga oid alohida holatlar va ularni olib qo‘yishga oid istisnoli holatlar ham belgilangan. Natsionalizatsiya va rekvizitsiya qilingan hollarda xususiy mulk bo‘lgan uchastka va u bilan bog‘liq ko‘chmas mulk ob’ektlari, basharti ularning qiymati va olib qo‘yish munosabati bilan yetkazilgan zarar to‘liq qoplansa, olib qo‘yiladi.

Qonun loyihasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli organlar doirasi, ularning vakolatlari va o‘zaro hamkorlik qilishi ham belgilangan.

Yanvar oyida Spot prezident farmoniga binoan 2019 yil 1 iyuldan yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruhsat berilishi haqida xabar bergan edi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.