Markaziy bank pul qiymatini o’zgartirishga (denominatsiya) ehtiyoj sezmaydi. Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov seshanba kuni bo’lib o’tgan brifingda ma’lum qildi.

Uning so’zlariga ko’ra, hozircha denominatsiyani amalga oshirish rejalashtirilmayabdi. Bugungi kunda amalda bo’lgan belgilangan qiymatlar barcha talablarga javob beradi va ulardan foydalanish qulay.

“Denominatsiya oson va tezda amalga oshirilishi mumkin bo’lgan texnik jarayondir”, — deydi Markaziy bank raisi.

Xalqaro valyuta jamg’armasi missiyasi boshlig’i Albert Yeger o’tgan yil 50%ni tashkil etgan kreditlashning o’sishi O’zbekiston iqtisodiyotiga kuchli ta’sir ko’rsatishi mumkinligi haqida ogohlantirdi:

“Kreditlashning o’sishini cheklash juda muhimdir. Agar u saqlanib qolmasa, inflyatsiyaga ziyon yetkazishi va tashqi kamomadni yanada kuchaytirishi mumkin “, — deydi Yeger.

Mamarizo Nurmuratov XVJ vakiliga javoban Markaziy bank va hukumat yillik kreditlash hajmini 25%ga qisqartirish imkoniyatini muhokama qilayotganligini ta’kidladi.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi O’zbekistonning iqtisodiy o’sishi bu yil 5,5%ni tashkil etishi va 2020 yilda 6%gacha o’sishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Buning asosiy sababi — investitsiyalar oqimi bo’lib, shuningdek, narxlarni liberallashtirish davom etayotganligi sababli mamlakatda inflyatsiya yuqori bo’lib qoladi — taxminan 15% darajasida.