25 fevralidan 3 martgacha bo‘lgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 764 ta avtomobil raqamlari sotildi. Bu haqda Tovar xomashyo birjasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi deyarli 3,2 milliard so‘mni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning qariyb 20% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 48% ikkinchi va 32% uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avto havaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 24% ga teng. Ikkinchi o‘rinda Samarqand viloyatining avto havaskorlari 12% ulush bilan joylashdi.

Keyingi o‘rin Buxoro va Farg‘ona viloyatlarining avto havaskorlariga tegishli bo‘lib, har birining ulushi 10% ni tashkil qildi. Qolgan hududlarning ulushi 44% ga teng.