Prezident 5 mart kuni ko‘mir qazib olish tarmog‘ini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb yozadi prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda konlarning salohiyati yuqori bo‘lsa-da, keyingi yillarda ko‘mir qazib chiqarish rejalari bajarilmayotgani, tarmoqdagi tizimli muammolar bartaraf etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

“Masalan, konlardagi texnika va texnologiyalar eskirgan. Asosiy xomashyo bazasi bo‘lgan Angren konida kon ochish ishlari ortda qolgan. Karerlarning qiyalik burchagi belgilangan me’yordan oshib, qazish ishlari xavfli darajaga yetgan”, deyiladi xabarda.

Shu kabi masalalarni tez va samarali hal etish uchun “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini professional tashqi boshqaruvga berish mo‘ljallanmoqda. Yig‘ilishda Angren konidagi holatni yaxshilashga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi.

Angren konini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, unda iqtisodiyot tarmoqlari va aholining yaqin va uzoq istiqbolda ko‘mirga bo‘ladigan talabini maksimal darajada qoplashni nazarda tutish zarurligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekko‘mir” AJning moliyaviy barqarorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Moliya va Energetika vazirliklariga ko‘mir narxi tariflarini optimallashtirish, tarmoqning rentabelligini oshirib, investitsiya xarajatlarini qoplash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Kon ochish ishlarini samarali tashkil etish uchun transport vositalari parkini yangilash lozimligi qayd etildi. Mutasaddilarga zarur samosval va boshqa maxsus texnikalarni eng maqbul takliflar asosida xarid qilish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, qazib olish ishlariga jalb qilingan, lekin bugungi kunda shart bo‘lmagan texnikalardan voz kechib, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ilgari Spot “O‘zbekko‘mir” AJ Rossiya kompaniyasi ishonchli boshqaruviga berilishi haqida xabar bergan edi.