Toshkentda Vebster universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi tashkil etilmoqda. Bu haqda prezident qarorida keltirilgan.

Markaz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Universitet tomonidan ta’sis etiladi.

Markazning asosiy vazifasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlik, tabiiy fanlar va pedagogika sohalarida xalqaro standartlar darajasida kadrlar tayyorlash hisoblanadi.

Markaz oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, bakalavriat, magistratura bosqichlarida, malaka oshirish, qayta tayyorlash, shuningdek ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashni amalga oshiradi.

Ta’lim kunduzgi shaklda, to‘lov-kontrakt asosida, ingliz tilida amalga oshiriladi.

2019/2020 o‘quv yilidan talabalar qabul qilinadi va bitiruvchilarga diplom beriladi. Qabul kvotasi kadrlar ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi.

Ilgari Spot O‘zbekistonda AQSHning Markaziy Osiyodagi ilk magistrlik ta’lim loyihasi yo‘lga qo‘yilgani va Toshkent shahrida Vebster universiteti filiali tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.

Webster universiteti AQShning Missuri shtati Sent-Luisdagi o‘zining asosiy kampusiga ega bo‘lib, bir-birlari bilan va butun dunyodagi jamoalari bilan yaqin aloqada bo‘lgan o‘qituvchilar, xodimlar, talabalar va bitiruvchilarning global miqyosdagi harakat yo‘nalishini qamrab oladi. Webster universitetiga 1915-yilda asos solingan. Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha 13 mingdan ortiq talabalarga ega, xususiy, notijorat universitet hisoblanadi.