Qashqadaryo viloyati hokimligida Janubiy Koreyaning “Sinchure” kompaniyasi vakillari bilan yangi tashkil etiladigan “Sinchure JV chiller” ishlab chiqarish korxonasini qurish bo‘yicha tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda O’zA xabar berdi.

Umumiy qiymati 6 million $ bo‘lgan loyihaning 5 million $i to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritilishi evaziga amalga oshiriladi. Korxonada 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

“O‘zbekiston bozorini o‘rganib chiqdik. Respublikada sanoatda foydalaniladigan isitish sovutish uskunalariga ehtiyoj va talab bor. Ayni paytda biz mahsulotlarimiz turini ko‘paytirish, ya’ni qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlaydigan sovutish omborlari uchun zarur uskunalar ishlab chiqarmoqchimiz”, — deydi “Sinchure” kompaniyasi direktori Li Be Vun (Koreya).

Ta’kidlanishicha, kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar dunyoning ko‘plab mamlakatlariga eksport qilinadi. Zavod ishga tushsa, yiliga 100 ming dona isitish sovutish moslamalari ishlab chiqariladi.