Markaziy bankning pul-kredit siyosati sharhiga ko’ra, 2019 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya 13,5−15,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilingan edi.

Unga ko’ra yillik inflyatsiyaning eng yuqori qiymati 2019 yilning I choragida yuzaga kelishi kutilgan.

2019 yil I chorakdagi pul-kredit siyosati sharhiga ko’ra, inflyatsiya darajasi ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taklifiga mavsumiy omillar ta’siri, QQS bazasining kengaytirilishi hamda milliy valyutaning biroz qadrsizlanishi ta’siri ostida shakllanib, kutilgandan past darajada bo‘lganligi qayd etildi.

2017−2019 yillar I choragi davomida INI va uning tarkibi o‘zgarishi:

a) yil boshiga nisbatan o‘zgarishi; b)% INIdagi salmog‘i, % band

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning mart oyi oxirida iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha hisoblangan choraklik inflyatsiya o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,6% bandga pasayib, 4,3%ni tashkil qildi.

Avvalgi yillarda kuzatilgani kabi inflyatsiyaning asosiy “drayveri” oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi bo‘lib, uning choraklik inflyatsiyadagi salmog‘i 2,8% bandga teng bo‘ldi. Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari ulushi sezilarli qisqarib 1% bandni va xizmatlar ulushi esa 0,5% bandni tashkil etdi.

Ushbu davrda yillik inflyatsiya ko‘rsatkichlari yanvardagi sezilarli pasayishdan so‘ng, fevral va mart oylarida o‘suvchi tendensiyaga ega bo‘ldi.

Xususan, yanvarda yillik inflyatsiya darajasi 1,3% bandga pasayib, 13%ni tashkil qilgan bo‘lsa, mart oxiriga kelib 13,6%gacha ko‘tarildi.

INI yillik o‘zgarishi va uni tarkibining dinamikasi:

Shuningdek, QQSni soliq solish bazasi kengayishining narx dinamikasiga ta’siri mo‘tadil deb baholanmoqda va ushbu ta’sir kelgusida ham saqlanib qolinishi kutilmoqda.