O‘zbekistonga 6 oyda premium toifadagi 600 avtomobil, 20 ta elektromobil olib kirilgan. Bu haqda 26 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo’lib o’tgan matbuot anjumanida Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari tomonidan ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, avtomobillar prezidentning “O‘zbekiston respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida'gi qaroriga binoan 2019 yildan O‘zbekistonda elektromobillar uchun 0 qiymatdagi bojxona stavkasi amal qilganidan so’ng O‘zbekiston hududiga olib kirilgan.

Shuningdek, matbuot anjumanida xorijdan keluvchi avtotransport vositalari uchun bojlar qiymati qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi qayd etildi.

Iyun oyida “O'zavtosanoat” elektromobillar uchun infratuzilma yaratish ustida ishlayotgani ma’lum bo’ldi. Kompaniya kerakli infratuzilmani hozirdan yaratish maqsadida bir nechta idoralar bilan ish olib bormoqda.

2023 yildan Qo’qonda Hyundai elektromobillari ishlab chiqariladi.

Ilgari Spot O’zbekistonda yengil avtomobillar importi ortib borayotgani va o’zbekistonliklar joriy yilda xorij avtomobillariga 154,6 mln $ sarflaganliklari haqida xabar bergan edi.