Iyun oyida Tovar xomashyo birjasining birja savdolari orqali 77,8 mln so‘mlik 10,1 ming gramm qimmatbaho metallar sotildi. Bu haqda birja ma’lumotlarida keltirilgan.

Tuzilgan bitimlarning hajmi bo‘yicha asosiy qismini kumush egalladi.

Xususan, birja savdolarida 41,1 mln so‘mlik 10,0 ming gramm Ag-1 markali kumush quymasi sotildi. Savdo natijalarida shakllangan birja narxi 1 gramm kumush uchun 4 115,1 so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, 18 iyun kuni birjada 36,6 mln so‘mlik Au-1 markali 100 gramm oltin sotilgan. Birja kotirovkasi 1 gramm oltin uchun 365,9 ming so‘mni tashkil qilgan.

Birja savdolarida sotuvchi sifatida “Olmaliq KMK” AJ ishtirok etdi.

Hukumatning 1 martdagi qaroriga asosan, sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlar — qimmatbaho metallardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar birja savdolarida qimmatbaho metallarning xaridorlari hisoblanadilar.

Ilgari Spot Tovar xomashyo birjasida oltin va kumush sotuvi bo’yicha ilk shartnomalar qayd etilgani haqida xabar bergan edi.