2019 yilning iyun oyida iste`mol bozorida yil davomida birinchi marta umumiy narxlar darajasining pasayishi kuzatilib, oy davomidagi deflyatsiya ko`rsatkichi 0,5% ni tashkil qilgan edi.

Iyul oyida ham iste`mol bozorida o`rtacha narxlar darajasining pasayishi qayd etilib, oy davomidagi deflyatsiya ko`rsatkichi 0,4%ni tashkil qildi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-iyul oylari davomida iste`mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 5,2%ga qimmatlashdi.

2018 yilning iyul oyiga nisbatan respublika iste`mol sektoridagi o`rtacha narxlar darajasi 13,5%ga ko`tarilgan.

2019 yilning iyunidan boshlab oy davomida umumiy iste`mol narxlari darajasining pasayishi asosan mavsumiy tendensiyalar va ommaviy ravishda meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi bilan bog`liq bo’ldi.

Iyul oyi natijalari bo`yicha tovarlar narxlari 0,6%ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,3%ga pasaydi. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida 0,4%, xizmatlar esa 0,2%ga qimmatlashdi.

Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 4,6%, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,7%, xizmatlar 5,6%ga qimmatlashdi.