Shahar tashkilotlarining to‘liq biznes-katalogini va batafsil 3D xaritasini o‘z ichiga olgan ilovalar dasturchisi 2GIS xalqaro IT kompaniyasi O‘zbekistonda ishga tushirildi. Bu haqda kompaniyaning Instagram’dagi sahifasida ma’lum qilindi.

Shuningdek, kompaniyaning veb-saytida O‘zbekiston ilovasi paydo bo‘ldi.

Spot kompaniyaning mamlakatda ish boshlashi haqida fevral oyida xabar topdi. Kompaniya ma’lumotni yangilash uchun tashkilotlarga qo‘ng‘iroq qiladigan call-markaz operatorlarini qidirishni boshlagan edi.

“Bugun Toshkentda 2GIS katalogi va xaritasi paydo bo‘ldi. Bu manzillarni topish, avtobus yo‘nalishlarini ko‘rish, avtomobil uchun navigatorni yoqish, kompaniyalar haqida sharhlar yozish, ularning telefon raqamlari, ish soatlari va boshqa ma’lumotlarni topishga yordam beradigan bepul ilova”, deyiladi xabarda.

Kompaniyada xabar berilishicha, servis xaritasida 217 mingdan ortiq binolar, ma’lumotnomada esa 35 ming tashkilot haqida ma’lumot mavjud.

O‘zbekiston servis taqdim etilgan o‘ninchi mamlakatga aylandi. Hozircha faqat Toshkent haqida ma’lumot mavjud.