Toshkentdagi IT-Park qoshida IT-akademiyasi ochilmoqda. Bu haqda texnopark ma’lumotlarida keltirilgan.

IT-akademiyasining asosiy maqsadi ish beruvchilarning talablariga javob beradigan sifatli taʼlimni taqdim etish, malakali mutaxassislar va oʻqituvchilarni yetishtirib chiqarishdir.

IT-akademiyasi IT mutaxassislari uchun taʼlim dasturlarini, texnologik platformani va netvorkingni birlashtirgan ekotizimni yaratmoqda.

“Respublikamizda iqtidorli yoshlar juda koʻp, ammo ularning hammasida ham bilim olish imkoniyati mavjud emas. Biz IT xizmatlarini eksport qilish bilan shugʻullanmoqchimiz, shuning uchun biz nafaqat katta miqdordagi inson kapitaliga, balki sifatli inson resurslariga ega boʻlishimiz kerak. Agar chet ellik taniqli kompaniyalar bizda oʻz vakolatxonalarini ochishini va IT mahsulotlarini eksportga chiqarishini istasak, xususiy sektorni jalb qilish yoʻli bilan, Oʼzbekistonning IT-mahsulotlari bozoriga chiqarilayotgan IT-mutaxassislarning soni va sifatini oshirishimiz kerak “, — dedi IT-Park direktori Farhod Ibragimov.

Har yili IT-akademiyasi dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, dasturiy taʼminotni sinovdan oʻtkazish, web-dizayn, biznesni tahlil qilish sohalarida kamida 1500 ta mutaxassis yetishtirib chiqarishni rejalashtirmoqda. Turli xil murakkablik darajasidagi oʻquv kurslari ham oʻzbek tilida oʻtkaziladi.